Click to listen highlighted text!

AFSONALAR SHAHRIDA…

Tarix – qon-qonimizga qadar singib borgan, o‘tmishda shakllangan va bugunimizni yaratishda eng munosib andoza bo‘lgan keng va ahamiyati katta tushuncha. U butun bashariyat, madaniyat va ma’rifatning boshlang‘ich bo‘g‘inlari bilan kelajakni bog‘lab turadi.
Bugungi intellekt asrimizda bilim sohiblarini munosib rag‘batlantirishga e’tibor ancha kuchaygan. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalarining Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining bir guruh iqtidorli o‘quvchilari moziyning buyuk merosi bo‘lmish Samarqand shahriga sayohatga yuborildi. Bu sovg‘a har bir yosh sayohatchi uchun o‘zgacha va unutilmas bo‘ldi, albatta. Mehmondo‘st xalqimizning o‘z millatdoshlariga-da, u xoh yosh bo‘lsin, xoh qari, birdek mulozamati, izzat-hurmati tahsinga loyiq. Shahar ostonasidan hatlar ekanman, milliylik nafasi dimog‘imga urila boshladiki, yo‘l bo‘yi mudroq kelgan ruhimga ham jon kirdi.  Sharqona go‘zallik bag‘rida yashnab turgan har bir maysadan ko‘zlarim quvnar, nigohlarim chuqurlashgan sari bahr-u dilim ochilb boraverardi. Samarqand farzandi Amirjon Musayev bizni eski qadrdonlarini kutib olgandek iliq qarshiladi va biz bilan birga sayohat qilishga bel bog‘ladi. Bizga quchoq ochgan ilk manzilgoh “Shohi zinda” maqbarasi bo‘ldi. “Tirik shoh” deb nom olgan bu maqbara haqida barchamiz bobo-buvilarimizdan turlicha afsonalar, rivoyatlar eshitganmiz. Mezbonlar bilan bo‘lgan suhbatlarimiz esa tushunchalarimizga yanada oydinlik kiritishimizda katta yordam berdi. Eshitishimizcha, bu dargoh “Samarqand marvaridi” deb ham atalar  ekan. Bu moviy gumbazlar ostida Muhammad payg‘ambarimizning amakivachchalari Qusam ibn Abbosning qabri bo‘lib, qurilish tarixi, uslubi va qadr-qimmati bilan musulmon xalqlari orasida o‘ziga xos yuqori mavqega ega. Ziyorat jarayonida boshqa din va ilm darg‘alari haqidagi qiziq hikoyalar bilan tanishdik. Olam-olam yangiliklar bilan qaytadan tug‘ilgancha yangi manzillarga qarab yo‘l oldik. 
Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi… Osiyoda ilk astronomik anglamlar dunyoga kelgan maskan. Binoga kiraverishda jamoaning nigohi savlat to‘kib turgan Ko‘ragoniy haykaliga tushadi. Vayrongarchiliklardan so‘ng qayta qad rostlagan obida va muzey esa qiziqishlarimizni yanada orttirdi. Koinotning aksi mujassam bo‘lgan yodgorlik o‘zida temuriylar sulolasiga xos ulug‘vorlikni, ma’orif va kuchning birgalikda yaratgan qudratini ko‘z o‘ngimizda yaqqol namoyon qilib beradi. Biz o‘quvchi yoshlar darslik va qo‘shimcha ma’lumotlar orqali tarix ilmini qancha o‘qigan bo‘lmaylik, “Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal” maqolining ifodasiga guvoh bo‘la boshladik. Darhaqiqat, tasavvurning qorako‘zlar qarshisida jonlanishi, unga uyg‘un tabiat va ruhimizni tiriltirgan nafislik beixtiyor insonni o‘tmishning tub-tubiga g‘arq qilganini sezmay ham qoldik. 
Nafaqat bu dargohlar, qadamimiz yetgan jamiyki qadamjo yuragimda ham Azim Afrosiyobning qad rostlashiga sababchi bo‘ldi. Registon, Boqiy shahar, Hoji Doniyor maqbarasi, Ulug‘bek madrasasi, Bibixonim jome’ masjidi va yana bir qator e’tiborga molik joylar, turistlar va xalqparvarvar o‘zbegimning o‘zaro mehr-murruvati butun sayohat ahlining hayrati va muhabbatini oshirayotgani davra shukuhida ham ufurib turardi. Qoni qaynoq yoshlarning ko‘zlari zarrin quyosh nuri bilan bellashgandek chaqnab turadi. Ko‘rgan inson hatto mana shu ko‘zlardan ham ilhomlanadi. Katta-yu kichikni jipslashtirgan Samarqand diyorida men izlanish va maqsadlar qurgan yangi oilamni topa bildim. Buyuk va haybatli gumbazlar ostida iste’dodli yuraklar birlashdi. Asrlar mobaynida yuksalib borayotgan madaniy xazinadan birgalikda bahramand bo‘lishdi. Unutib bo‘lmas lahzalarni boshdan kechirgan ikki kunimiz umrimizning eng yorqin ranglari bo‘lib muhrlandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.  
Ikki kun mobaynida ko‘rgan-kechirganlarimni sanoqli so‘zlar zamiriga jamlash juda mushkul. Bizga yangi dunyoni tanish uchun yaratilgan bu imkoniyat uchun tashkilotchilardan barchamiz minnatdormiz. Ham madaniy, ham ilmiy tadqiqotlarga boy bu safarimiz nihoyasida shuni anglab yetdimki, zamon qanchalik yangilanmasin, olamshumul o‘zgarishlar ro‘y bermasin, nima bo‘lgan taqdirda ham, hamma narsaning ibtidosi bashariyatda mangu barhayot bo‘ladi. Unga qayta nazar tahlagan inson dunyoni uchinchi ko‘z bilan boshqatdan kashf etadi. Tafakkur kitobining yangi bobi yaratiladi, go‘yo. Teran fikr, zakovatning qudratiga qudrat qo‘shiladi. Dubay, London, Parij va yana boshqa manzaralar sari chopishdan oldin, avvalo, butun Sharq tarixi yashayotgan zaminga, moziyga qaytmoq lozim. Zero, “Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir”.
 
DILNOZA JABBOROVA
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi
ijod maktanining 11-sinf o‘qvchisi   
Print Friendly, PDF & Email

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Click to listen highlighted text!