RAHBAR VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Joriy yil 24-fevral kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvida ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi imkoniyatlar belgilab berildi. Xususan, har haftaning payshanba kuni tashkilot va muassasalarda “Yoshlar kuni” sifatida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov ishtirokida Sirdaryo yuridik texnikumida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Uchrashuvda texnikumda faoliyat olib borayotgan yosh xodimlar hamda o‘quvchi yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning fikr va takliflari tinglandi.
Tadbir davomida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, bandligini ta’minlash, kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish hamda ularni jamiyat hayotida faol bo‘lishga undash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ularga kasaba uyushmalari faoliyati, mehnat va ijtimoiy munosabatlar to‘g‘risida tushuncha va ma’lumotlar berildi. O‘quvchilar esa o‘z navbatida texnikum faoliyati, unda yaratilgan imkoniyatlar hamda o‘quvchilarning erishayotgan yutuqlari haqida so‘zlab berdilar.
Yoshlar bilan muloqot jarayonida ularning kelajak rejalari, kasb tanlovi va bilim olishga bo‘lgan intilishlari yuzasidan fikr almashildi. Tadbir ochiq va samimiy ruhda o‘tib, yoshlar uchun muhim tavsiyalar berildi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo Yuridik texnikumida fidokorona va samarali mehnat qilib kelayotgan 10 nafar tashabbuskor va ilg‘or yosh xodimlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan respublikamizning tarixiy va diqqatga sazovor shaharlariga bepul sayohat qilish imkoniyatini beruvchi maxsus sertifikat topshirildi. Uchrashuvda faol ishtirok etgan iqtidorli yoshlarga badiiy kitoblar jamlanmalari sovg‘a qilindi.
